Bolalarda gemangioma sabablari va davolash sirlari

Bolalarda gemangioma sabablari va davolash sirlari

Bolalarda gemangioma – embrionlik davrda qon tomirlar shakllanishi buzilishi natijasida kelib chiqadigan qon tomirdan iborat yaxshi sifatli oʻsma. Gemangioma qizgʻish, binafsha yoki koʻkimtir tusli teri dogʻi yoki teridan biroz koʻtarilib turuvchi hosila koʻrinishida yuzaga chiqadi.
Gemangioma oʻsib kattalashishga va qonashga juda moyil boʻlgan oʻsma hisoblanadi. Bolalarda gemangiomani aniqlashda bolalar dermatologi va jarroh koʻrigi, oʻsma joylashgan soha rentgenografiyasi, angiografiya, UTT, qon ivish xossasini aniqlash kabi tekshiruvlardan oʻtish kerak boʻladi. Gemangioma davosida lazer yordamida yoki jarrohlik yoʻli bilan hosilani olib tashlash, nur terapiyasi, elektrokoagulyatsiya, krioterapiya, skleroterapiya, gormonal davo va boshqalar qoʻllaniladi.

Bolalarda gemangioma – qon tomirlardan tashkil topgan yaxshi sifatli oʻsma yoki tugʻma qon tomirlar anomaliyasi. Pediatriya va bolalar jarrohligi sohasida gemangioma 1,1-2,6 % yangi tugʻilganlarda va 10 % 1 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Gemangioma juda koʻp uchraydigan kasallik boʻlib, barcha yumshoq toʻqimalarda kuzatiladigan onkologik kasalliklarning 50 % ini tashkil etadi. Gemangioma qiz bolalarda oʻgʻil bolalarga nisbatan 2-3 barobar koʻproq qayd etiladi.
Gemangioma yaxshi sifatli oʻsma boʻlishiga qaramay juda tez oʻsishga moyil boʻladi. U oʻsib kattalashib qoʻshni toʻqimalarni zararlashi, eshituv, koʻruv, nafas olish aʼzolariga oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin. Bundan tashqari gemangiomalarga infeksiya tushishi, yalligʻlanishi va qonashi ha mumkin. Gemangiomalar bolalarda kosmetik jihatdan ham kamchilik keltirib chiqaradi.

Bolalarda gemangioma sabablari

Bolalarda gemangioma kelib chiqish sababi aniq emas, ammo koʻpgina izlanishlar natijasida oʻsma hosil boʻlishida baʼzi bir omillarning oʻrni aniqlangan. Gemangioma bolaning emizikli yoshida ham rivojlanishini inobatga olib ushbu hosila embrionlik davrda qon tomirlar shaklanishidagi nuqsonlar sababli kelib chiqadi deyish mumkin.
Homiladorlik vaqtida ayol qabul qilgan ayrim dori preparatlar, virusli kasalliklar (ORVI, gripp va boshqalar), ekologik sharoitning yomonligi taʼsirida homilada vaskulizatsiya jarayoni buzilishi mumkin. Qon tomirlardan hosil boʻladigan oʻsma kasalliklari rivojlanishida gormonlar taʼsirining buzilishi ham katta rol oʻynaydi. Chunki gemangioma koʻproq qiz bolalarda qayd etiladi.

Bolalarda gemangioma klassifikatsiyasi

Morfologik belgilarga qarab:
  • Oddiy (kapillyar);
  • Kavernoz;
  • Kombinatsiyalangan;
  • Aralash turdagi gemangiomalar.
Oddiy gemangioma kapillyar qon tomirlardan rivojlanadi va teri yuzasida joylashadi, aniq chegaralarga ega, yassi, qattiqlashgan qizgʻish koʻkimtir hosila koʻrinishida boʻladi. Bolalarda oddiy gemangioma barmoq bilan bosib koʻrilganda rangi oqaradi va qoʻyib yuborganda esa qayta qizgʻish tusga kiradi.
Kavernoz gemangioma teri ostida joylashadi va tugun kabi boʻladi. Konsistensiyasi yumshoq-elastik boʻlib qon bilan toʻlgan boʻshliqlardan iborat. Uning ustini koʻkimtir rangda teri qoplab turadi. Barmoq bilan bosilganda gemangioma rangi oqaradi va qoʻyib yuborilganda qayta koʻkimtir tusga kelib qoladi. Bola kuchanganda, yoʻtal va aksa urish vaqtida kavernoz gemangioma shishadi va bu holat erektil simptom deb ataladi.
Kombinatsiyalangan gemangioma bolalarda oddiy va kavernoz gemangiomalar belgilarining yigʻindisidan iborat boʻladi, teri va teri osti qismidan tashkil topadi.
Aralash gemangioma murakkab tuzilishiga ega, qon tomirlar va boshqa toʻqimalardan iborat (biriktiruvchi, nerv limfoid) boʻladi. Aralash gemangiomalarga angifibroma, anginevroma, gemalinfangioma va boshqalar kiradi. Hosilaning rangi va tuzilishi uni tashkil etgan elementga bogʻliq boʻladi.
Bolalarda gemangioma kichik, katta va tarqoq koʻrinishda uchraydi. 95 % holatlarda bolalarda oddiy gemangioma kuzatiladi. Patologik jarayonning kechishiga koʻra gemangiomalar tez, sekin oʻsuvchi va oʻsish xususiyati boʻlmagan turlarga boʻlinadi.

Bolalarda gemangioma belgilari

Koʻp holatlarda gemangioma bola hayotining ilk kunlaridayoq yoki ilk haftalarda aniqlanadi. Gemangioma jadal oʻsishi bola hayotining ilk 6 oyligida kuzatiladi. Keyinchalik uning oʻsish surati pasayadi.
Bolalarda gemangioma eng koʻp uchraydigan sohalar quyidagilar:
Boshning sochli qismi, yuz (qosh, burun va yuzda), ogʻiz boʻshligʻida, jinsiy aʼzolarda, qoʻl va oyoqlarda, ichki aʼzolarda, suyakda.
Gemangiomalar oʻlchami ham turlicha boʻladi: 1-2 mm.dan 10-15 sm.gacha. Hosila rangi och pushti rangdan toʻq koʻkimtir rangga qadar toʻqlashib boradi. Gemangioma hosil boʻlgan sohada harorat assimetrik boʻladi, yaʼni atrof toʻqimalarga nisbatan gemangioma harorati yuqori boʻladi, bunga sabab gemangiomalar qon tomirlardan hosil boʻladigan oʻsmaligidir.
Gemangiomalar faqatgina teridan tashqariga oʻsmaydi, balki teri ichiga ham botib kirib kattalashishi mumkin, buning natijasida oʻsma qoʻshni toʻqimalar funksiyasini buzilishiga olib keladi. Bolalarda gemangioma jarohatlanishga juda moyil va qon ketadigan boʻlsa toʻxtatish qiyinchilik tugʻdiradi. Yana boshqa asoratlarga gemangiomaga infeksiya tushishi va ezilishi kabi holatlar kiradi.
Bolalarda oddiy gemangioma oʻz oʻzidan regressiyaga uchrashi mumkin. Regressiya ham 3 bosqichda kechadi: 1 yoshgacha gemangiomaning yoʻqolib ketishi, erta regressiya (1-5 yoshlar oraligʻida), kechki regressiya (pubertat davri tugagunga qadar). Gemangiomalar regressiyasida oʻsma markazining oqarishi kuzatiladi va bu holat sekin astalik bilan butun hosilaga tarqala boshlaydi, keyinchalik gemangioma butunlay yoʻqolib ketadi.

Gemangioma diagnostikasi

Bolalarda qon tomirlardan hosil boʻladigan oʻsmani aniqlashda pediatr, bolalar jarrohi va bolalar dermatologi koʻrigi talab etiladi. Gemangiomaning joylashuviga qarab qoʻshimcha ravishda bolalar oftalmologi, otolaringologi, ginekolog, urolog, stomatolog va boshqa mutaxassilar ham jalb etilishi mumkin.
Fizikal koʻrikda palpatsiya, auskultatsiya yordamida gemangiomaning yuzasi aniqlanadi. Kazabax-Merritt simptomi – gemangiomaning oʻsishi, trombositopeniya va qon ivish xossasi buzilganligini aniqlash uchun umumiy koagulogramma va trombotsitlar sonini aniqlash zarur.
Gemangioma chuqurligini, anatomo-topografik oʻziga xosligi va uning tarkibini aniqlash uchun UTT tekshiruvi oʻtkaziladi. Gemangiomani hosil qilgan qon tomirlar arxitektonikasini aniqlash uchun angiografiya tekshiruvi talab etiladi.
Qoʻshni toʻqimalar zarar koʻrganligini istisno etish uchun esa gemangioma hosil boʻlgan soha rentgenorgafik tekshiruvi amalga oshiriladi.

Bolalarda gemangioma davosi

Davo muolajalari erta muddatlarda boshlanishi kerak boʻlgan holatlar quyidagilar:
  • Bosh va boʻyin sohasida joylashgan gemangiomalar;
  • Ogʻiz boʻshligʻida joylashgan gemangiomalar;
  • Anogenital sohadagi gemangiomalar;
  • Juda tez katta boʻladigan angiomalar (bir hafta ichida 2 barobar kattalashgan gemangioma);
  • Regressiyaga uchramaydigan kavernoz gemangiomalar;
  • Qon ketish, infeksiyalangan va nekrozga uchragan gemangiomalar.
Oddiy gemangiomalar davo muolajalari oʻtkazishda biroz kutiladi. Xavfsiz oʻsmalarni davolashda bolalarda yuzaga keladigan asoratlar, kosmetik deffektlarni ham inobatga olish kerak.
Yuzada joylashgan gemangiomalar elektrokoagulyatsiya, kriodestruksiya, lazer yordamida olib tashlanadi. Katta boʻlmagan kavernoz va kombinatsiyalangan gemangiomalar skleroterapiya yordamida davolanadi. Bundan tashqari gemangiomani hosil qilishda ishtirok etadigan qon tomirlarni embolizatsiya qilish ham gemangiomada qon oqimini toʻxtatadi va gemangiomalar atrofiyaga uchrashiga olib keladi.
Murakkab anatomik joylashuvga ega boʻlgan gemangiomalar, masalan koʻz yoki retikulobulbar sohadagi oʻsmalar nur terapiyasi yordamida davolanadi (rentgenoterapiya). Bolalarda terida hosil boʻladigan tarqoq gemangiomalar gormonal kortikosteroidlar bilan muolaja qilinadi. Juda chuqur va murakkab tuzilishga ega boʻlgan qon tomirdan iborat oʻsma davosida kombinatsiyalangan davo muolajalari olib boriladi, yaʼni jarrohlik amaliyoti, nur terapiyasi, kriodestruksiya va boshqalar.

Gemangioma oqibati

6-7 % holatlarda boalarda gemangiomalar hayotining birinchi yilida oʻsadi va keyinchalik bir necha yil ichida oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi. Xavfsiz oʻsma oqibati hosilaning butunlay yoʻqolib ketishi, chandiq hosil boʻlishi, uning oʻrnida pigmentlar yoʻqolishi kabi asoratlar bilan kechishi mumkin.
Bolalarda gemangioma davosi bolalar jarrohi tomonidan olib boriladi. Jarrohlar bolalarda hosil boʻlgan gemangiomalar asoratlanishi va bolaning umumiy ahvolini inobatga olgan holda davo muolajalarini oʻtkazadilar. Toʻgʻri tanlangan davo chora tadbirlari natijasida gemangioma toʻliq davolanadi va bolada hech qanday asoratlar qolmaydi.



O'hshash ma'lumotlar

Bachadon boʻyni saratoni – tasnifi, sabablari, belgilari, tekshirish va davolash usullari

Bachadon boʻyni saratoni – bachadon pastki qismining oʻsma kasalligi boʻlib, epiteliy toʻqimalaridan oʻsadigan hosiladir. Bachadon boʻyni saratoniga xos boʻlgan spetsifik belgi yoʻq, kasallik koʻpincha belgilarsiz kechadi va maʼlum bir darajaga...

Dyufaston – qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma (Mutaxassislar uchun)

Dyufaston tarkibi1 tabletka quyidagilarni saqlaydi: faol modda: 10 mg didrogesteron; yordamchi moddalar: laktoza monogidrati, gipromelloza, makkajoʻxori kraxmali, suvsiz kolloid kremniy dioksidi, magniy stearati. qobigʻi: oq Opadri OY-1-7000...

Bolalarda pedikulyoz sabablari, davolash va oldini olish sirlari

Bolalarda pedikulyoz – parazitar kasallik boʻlib, uni bosh bitlari keltirib chiqaradi. Pedikulyoz bolalarda boshning bit chaqqan joyida qichishish, toshma toshishi va koʻpincha ikkilamchi infeksiya aralashuvi bilan namoyon boʻladi. Kasallik...

Tugʻma qizilcha sabablari va davolash sirlari

Tugʻma qizilcha – virusli kasallik boʻlib, zararlangan ayoldan homiladorlik vaqtida bolaga oʻtadi. Ayolning zararlanishi homiladorlik vaqtida yoki undan oldin roʻy berishi mumkin. Kasallik homila rivojlanishidagi koʻplab nuqsonlar bilan namoyon...

Bolalarda appenditsit sabablari va davolash sirlari

Appenditsit – appendiksning yoki koʻrichak chuvalchangsimon oʻsimtasining yalligʻlanishi. Koʻp hollarda chuvalchangsimon oʻsimta ingichka ichakning yoʻgʻon ichakka oʻtish joyida joylashadi. Ammo, ayrim insonlarda chuvalchangsimon oʻsimta jigar...



Fikr qo'shish

Наверх