
Hozirgi kunda ayollar orasida turli xil ko‘krak kasalliklari, jumladan, ko‘krak saratoni ko‘p kuzatilmoqda. Bunday holat, o‘z navbatida, aholi o‘rtasida bu kasalliklar haqida to‘g‘ri va noto‘g‘ri, asosli va asossiz fikrlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ularning ba’zilariga aniqlik kiritamiz.
1. Agar ko‘krak bezida qattiqlik bo‘lsa, bu ko‘krak bezi saratoni belgisidir.
Ko‘krak bezidagi qattiqlik har doim ham ko‘krak saratoni belgisi bo‘lavermaydi. Aksari hollarda qattiqlik xavfsiz tugun, ko‘krak kistasi yoki yallig‘lanish belgisi bo‘lishi mumkin.
2. Agar siynaband ko‘krakni siqib tursa yoki siynabandda uni mustahkam ushlab turuvchi «suyakchalar» bo‘lsa, ko‘krak saratoniga xavf tug‘diradi.
Siynaband yoki boshqa turdagi ichki kiyimlar ko‘krak saratoni rivojlanishiga umuman aloqador emas.
3. Ko‘krak implantlari (silikonli endoprotezlar) ko‘krak saratoniga chalinish xavfini oshiradi.
Ko‘krak shakli va hajmini qayta tiklashga qaratilgan ko‘krak implantlari ko‘krak saratoni kasalligini chaqirmaydi. Ammo ko‘kragiga silikonli endoprotez qo‘ydirgan ayollar muntazam ravishda mutaxassis ko‘rigidan o‘tib turishi zarur.
4. Ko‘krak saratoni nasliy kasallik emas.
Ko‘krak saratoni nasliy xarakterga ega bo‘lgan kasallikdir. Agar ayolning ko‘krak bezlari uchun javob beruvchi genlarida mutatsiya bo‘lsa, kasallik nasldan naslga o‘tadi.
5. Antiperspirantlar ko‘krak saratoniga chalinish xavfini oshiradi.
Bugungi kunda antiperspirantlar yoki boshqa turdagi gigiyenik vositalar ko‘krak saratoni kasalligiga aloqadorligini tasdiqlovchi bironta fakt yo‘q.
6. Ko‘krak hajmi qancha kichik bo‘lsa, kasallanish xavfi shuncha past bo‘ladi.
Ko‘krak saratoni rivojlanish xavfi ko‘krak o‘lchami yoki hajmiga butunlay bog‘liq emas. Agar ayolning ko‘kragi kichkina bo‘lsa, unda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni aniqlash oson kechadi. Hajmi katta ko‘kraklarni paypaslab tekshirish biroz qiyinroq, ayniqsa, ayol o‘z ko‘kraklarini mustaqil tarzda paypaslab tekshirmoqchi bo‘lsa.
7. Mammografiya tekshiruvi natijasida ko‘krak to‘qimasi nurlanadi va saraton kasalligi rivojlanadi.
Hozirgi kunda qo‘llaniladigan zamonaviy raqamli mammograflar o‘zidan juda kam miqdorda nur chiqaradi. Shu sababli ayol kishi tekshiruvdan o‘tish jarayonida deyarli nurlanmaydi. Zamonaviy raqamli mammograf ko‘krak to‘qimasining qay holatda ekani haqida batafsil ma’lumot berib, ko‘krak to‘qimasidagi minimal o‘zgarishlarni ham ko‘rsatib berish imkoniyatiga ega.
8. Gormonal dori vositalarini qabul qilish natijasida ko‘krak saratoni rivojlanishi mumkin.
Hozirgi kunda gormonal dori vositalarining ko‘krak saratonini chaqirishi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Lekin agar ayol ko‘kragida o‘sma bo‘lsa-yu, u bu haqida bilmasdan gormonal dori vositalari qabul qilsa, u holda saraton kasalligi rivojlanish xavfi vujudga kelishi mumkin.
9. Homilani sun’iy tarzda olib tashlash yoki abort ko‘krak saratoni paydo bo‘lishiga olib keladi.
Har bitta bajarilgan abort ayol kishi organizmi, ayniqsa, ko‘krak bezlari uchun qattiq zarba hisoblanadi. Abort ayol kishining gormonal fonini butunlay buzib yuboradi. Ko‘krak bezlari gormonlarga ta’sirchan a’zo bo‘lgani uchun abortning salbiy taraflari, avvalambor, ko‘kraklarda o‘z aksini topadi. Ya’ni ko‘kraklarda shish va qattiqlik paydo bo‘ladi, so‘rg‘ichdan suyuqlik ajrala boshlaydi. Bunday holat esa ayolda ko‘krak kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Lekin abort tufayli ayolda saraton kasalligi rivojlanadi, degan fikrni to‘g‘ri deb aytolmaymiz.
Afsuski, erkaklarda ham ko‘krak saratoni kasalligi kuzatiladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, bir yilda dunyo bo‘yicha 2000 dan ortiq erkak ko‘krak saratoni kasalligiga chalinar ekan. Ularning 400 dan ortig‘i esa kasallik tufayli dunyoni tark etarkan.
Yana bir jihat: erkaklar orasida ko‘krak saratoni tufayli o‘lim ko‘rsatkichlari ayollarga nisbatan yuqori. Bu holat, asosan, erkaklarning ko‘krak saratoni kasalligi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligidan kelib chiqadi.