Ilg'or ishchi va chaqqon muxbir qissasi

Ishchi tongda turib olib
Qurilishga boradi.
G‘isht teradi, tosh yo‘nadi,
Shag‘alini qoradi.

Qo‘l ishda-yu, ammo o‘zga 
Xayol kezar boshida,
Bog‘chadagi qizchasining
Lentasi yo‘q sochida.

Telpagini yo‘qotibdi,
O‘yinqaroq kenjasi.
Yangisini obber, — deydi,
Yig‘lab chiqdi kechasi.

Biroviga papka kerak,
O‘ylab hamma-hammasin,
Ishchi shu kun ikki hissa
Bajaradi normasin.

Kun yarmidan og‘may turib
Muxbir kelib qoladi,
Ilg‘or, — deya uni, darrov
Suratini oladi.

Ertasiga gazetada
Xabar chiqar bir quloch:
“U yangi yil sharafiga
Mehnat qildi...” Na iloj!

Gazetani o‘qib ishchi
Kulibgina qo‘yadi,
Ilg‘orligin sababini
Yangi yilga yo‘yadi.

Kunlar bir-bir o‘tib borar
Qamchilashib otini.
Vaqti yetib bir kun uning
Tug‘ib qolar xotini.

Kim ham axir toleidan
Quvonmaydi bu chog‘da.
O‘g‘il ko‘rdik, deb qo‘yadi,

Og‘zi uning qulog‘da.

O‘lmay bir kun katta bo‘lsa
Odam bo‘lar chaqaloq.
Ammo hozir boqish kerak,
Och qolmasin baqaloq.

Axir jinday chiqim kerak,
O‘ylab hamma-hammasin,
Ishchi shu kun uch baravar
Bajaradi normasin.

Ertasiga gazetada
Xabar chiqar bir quloch:
“Baliqchilar kuniga u
Mehnat qildi...” Na iloj!

Gazetani o‘qib ishchi
Kulibgina qo‘yadi.
Ilg‘orligin sababin
Baliqchiga yo‘yadi.

Kunlar yana o‘tib borar
Bir-birini quvlashib,
Hozirchalik yomon emas
Yashaydilar quvnashib.

Ammo odam hayotida
Bordir kunning qorasi,
Ajal yetib bir kun uning
Qazo qilar onasi.

Marhum degan o‘zi borib
Kirmaydi-ku qabrga.
Chiqim kerak ko‘mishga-yu,
Mayda-chuyda tadbirga.

Onasining o‘lishini
Qaydan bilmish u g‘arib,
Yo‘qsa avval ozroq narsa
Qo‘ymasmidi jamg‘arib.

Qabr ustiga lavha kerak...
O‘ylab hamma-hammasin,
Ishchi endi to‘rt baravar
Bajaradi normasin.

Kun yarmidan og‘may turib,
Muxbir kelib qoladi.
Peshqadamni qaqqaytirib
Suratini oladi.

Ertasiga gazetada
Xabar chiqar bir quloch:
“May bayrami sharafiga
Mehnat qildi...” Na iloj!

Gazetani endi ishchi
Bir burchakka otadi.
Bu maqtovga nima deysiz?
O‘ylab boshi qotadi.

Uyda bundoq ta’ziya-yu,
Bu yoqsa bu masxara.
Nahot odam ahvolini
So‘ramasa tasqara.

Endi ish ham qolib ketib
So‘ka boshlar g‘urbatni:
“Bilamiz-ku biz ham axir
Bayramlarga hurmatni.

Shu zamonning og‘ushida
Yetdik biz ham voyaga.
Qalblarimiz limmo-limdir
Qancha-qancha g‘oyaga.

Mayli, bahor bayramidek
Yashnataylik olamni,
Lekin, uka, yoshlik qilib
Ranjitding-ku odamni”.

O‘ylab hamma-hammasini
Xullas tinchi yo‘qolar,
Xumparni bir boplay, — deya
Gazetaga yo‘l olar.

Keyin bilsa muxbirning ham
Bor ekan o‘z nolasi,
Chiqim uchun yozgan ekan, —
Tuqqan ekan xolasi.



O'hshash ma'lumotlar

Abdulla Oripov hayoti va ijodi

O‘zbek she’riyatining eng yorqin namoyondalaridan biri, O‘zbekiston davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripovning hayoti va ijodi haqida maqolamizda batafsil tanishing....



Fikr qo'shish

Наверх