
Xusnbuzarlardan xalos bo‘lishning sinalgan usullari:
Asal va dolchin – davo
Yuz sohamga husnbuzar chiqib, ancha payt qiynalib yurdim. Bir tanish hamshira opaning tavsiyasi bilan undan arang qutuldim. Muolaja quyidagicha bajariladi: 3 osh qoshiq asal va 1 choy qoshiq dolchin (koritsa) biror idishga solib, yaxshilab aralashtiriladi. Tayyor aralashma uxlashdan oldin husnbuzarlarga surtiladi va ertalab iliq suvda yuvib tashlanadi. Qarabsizki, 2 haftadan keyin husnbuzarlardan asar ham qolmaydi. Davolanish jarayonida sut iste’molini taomnomadan olib tashlash kerak. Negaki sut husnbuzarlar paydo bo‘lishiga zamin yaratarkan.
Limon, lavlagi va qatiqli muolaja
O‘smirlik davri bo‘lgani uchunmi, yuzimga husnbuzar toshgandi. Undan qanday qutulishni bilmay yurganimda, bir tibbiy nashrda uning xalqona davosi haqida o‘qib qoldim. O‘sha muolajani qo‘llab, husnbuzarlardan xalos bo‘ldim. Buning uchun 20 g limon mevasi po‘sti, 20 g qirg‘ichdan o‘tkazilgan lavlagi (qizilcha), 2 choy qoshiq qatiq, 1 choy qoshiq qaynatib sovitilgan suv obdan aralashtiriladi. So‘ng ustiga qaynagan suv quyiladi. Keyin tibbiy paxtani shu suyuqlikda ho‘llab, yuz sohasi artib chiqiladi. Muolaja jarayonida suyuqlik ko‘z va lab sohasiga tushmasligi kerak. Malham zarur joyga surtilgach, 10 daqiqadan keyin yuz iliq suvda yuviladi va quruq salfetka yordamida quritiladi.
Tirnoqgul – shifosi mo‘l
Yuzimga husnbuzar (bo‘jama) tosha boshlaganda, tirnoqgul o‘simligi gullari asosidagi tindirmadan davo topdim. Buning uchun giyohning yanchilgan gullaridan (dorixonada bor) 1 osh qoshiq olib, ustiga 100 ml 70 foizli tibbiy spirt quyiladi va 7 kun davomida tindirishga qo‘yiladi. Suzib olgach, husnbuzar toshgan joylarga kuniga 2-3 marta surtiladi. Bundan tashqari, sarimsoqpiyoz ham husnbuzarda yaxshi foyda berarkan. Tarkibidagi efir moyi husnbuzarga qarshi kurashishda samarali ta’sir ko‘rsatarkan. Husnbuzar tosha boshlashi bilan yuz terisiga sarimsoqpiyoz shirasidan surtsangiz, darrov qutulasiz.
Kir sovun va tuz aritar
Yuzimga husnbuzar toshganda, bir dugonam unga qarshi foydali malham aytib qoldi. Uning tavsiyasini qo‘llagan edim, husnbuzarlar tezda daf bo‘ldi. Buning uchun xo‘jalik (kir) sovuni olib, yaxshilab ko‘pirtiriladi. Unga bir chimdim osh tuzi qo‘shiladi va yaxshilab aralashtiriladi. Aralashma yuzga surtilgach, 15-20 daqiqa ushlab turiladi. So‘ng yuz avval iliq, keyin sovuq suvda artmasdan yuviladi. Bu muolajani har kuni uxlashdan oldin bajarish kerak.
Yana bir usul: 1 stakan bodring suviga 1 choy qoshiq asal solib aralashtiriladi va husnbuzar toshgan joylarga surtiladi. Yarim soat o‘tgach, sovuq suvda yuvib tashlanadi.