
Har bir erkak kishi hamisha immunitetini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishi lozim. Buning uchun profilaktika chora-tadbirlaridan boxabar bo‘lgani ma’qul. Quyida shu haqda ma’lumot beramiz.
Eng avvalo, turli yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish maqsadida urolog va androlog ko‘rigiga borib, tekshiruvlardan o‘tishga odatlanish zarur.
Har kuni turli xildagi vitamin va minerallarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish lozim. Vitaminlarga boy barra ko‘katlarni nafaqat ovqatga solish, shuningdek, o‘zini yeyish ham ayni muddao.
Yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish uchun tuzni kamroq iste’mol qilish kerak. Ko‘proq suv ichish, asosan, bug‘da dimlangan, qasqonda pishirilgan taomlar yeyish foydali.
Achchiq yeguliklar, dudlangan mahsulotlar va qovurilgan taomlardan voz kechish tavsiya etiladi.
Askorbin kislotasiga boy mahsulotlarni yeyish immunitetni mustahkamlaydi. Shu maqsadda bulg‘or qalampiri, karamning barcha turlari juda foydali.
Ertalabki nonushta dasturxonida oz miqdorda bo‘lsa ham, yong‘oq hamda bodom bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu mahsulotlar ham organizm uchun juda zarur hisoblanadi.
Baliq mahsulotlari va uning moyi erkaklar immunitetini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi. Shu maqsadda haftada ikki marta baliqni manti qasqonga solib, bug‘da pishirib yeyish maqsadga muvofiq. Shunda baliq tarkibidagi barcha foydali xususiyatlar saqlanib qoladi. Ayniqsa, dengiz baliqlari organizm uchun juda zarur. Yodingizda bo‘lsin, qovurib pishirilgan baliq, afsuski, foydali xususiyatini yo‘qotadi.
Grechka unidan xamirli taomlar tayyorlab yeyish ham immunitetni mustahkamlaydi.
Aksariyat insonlar turli sabzavotlardan foydali va mazali, qolaversa, ishtaha ochuvchi taom hamda salatlar tayyorlab, dasturxonga tortiq eta oladi. Faqat bunda asosiy e’tibor parhezli taomlar pishirishga qaratilishi zarur. Salatlarga, iloji bo‘lsa, o‘simlik yog‘i qo‘shilgani foydaliroqdir.
Immunitetni me’yorda saqlash uchun har bir inson iste’mol qilayotgan taomi qancha kaloriyani tashkil etishini, taxminan bo‘lsa ham, bilishi kerak. U bugun qancha kaloriya sarf qilgani va uning o‘rnini qoplash uchun qancha kaloriyali ovqat iste’mol qilishi kerakligi haqida ma’lumotga ega bo‘lishi darkor.
Ko‘proq harakat qilish lozim. Chunki qishda odam sovuq ob-havo sharoiti tufayli biroz kamroq harakat qiladi. Shu bois kun isishi bilan harakatlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq.
Kun davomida 4-5 marta ovqatlanish organizm uchun ayni muddao. Taomnoma tarkibi shunday tuzilishi kerakki, bir kunda ham sut mahsulotlari, ham meva va sabzavotlarning foydali xususiyatlaridan organizm bahramand bo‘lmog‘i lozim. Iste’mol qilinadigan taom insonning mushtidan katta bo‘lmasligi kerak. Ana shunda inson semirib ketmaydi. U o‘zini yengil his etadi, organizmida ortiqcha yog‘lar to‘planib qolmaydi.
Immunitetni mustahkamlash va chiniqishda suzish sporti juda foydali. Afsuski, ba’zi insonlar suzishni bilmaydi yoki boshqa sabablarga ko‘ra unga aynan bu sport turi taqiqlangan bo‘ladi. Bunday erkaklarga ertalab toza havoda soatiga 5-6 km bir tekisda tez yurish tavsiya etiladi. Qolaversa, yotishdan oldin ham bir oz ochiq havoda yurilsa, uyqu sifati yaxshilanadi, miya dam oladi.
O‘zini yomon fikrlardan himoyalash ham salomatlikda, ayniqsa, immunitetni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Inson qanchalik boshqa insonlarga mehr-muhabbat ulashsa, tabassum hadya etsa, o‘zi ham quvvat oladi. Aksincha, turli stresslarni boshdan kechirish esa immunitetni pasaytiradi.
Yuqorida sanab o‘tilgan maslahatlarning hammasi immunitetni mustahkamlashga yordam beradi. Faqat buning uchun ushbu tavsiyalarning barchasiga birdek amal qilish zarur.