
– Peshob yo‘li shamollashi tibbiyotda sistit deyiladi. Bu peshob ajratish tizimi a’zolari kasalligi bo‘lib, erkaklarda ham, ayollarda ham ko‘p uchraydi. Kasallik qovuqqa turli infeksiyalar tushishi natijasida kelib chiqadi. Bunga, odatda, sovqotish, spirtli ichimliklar ichish, dudlangan mahsulot va ziravorlarni ko‘p iste’mol qilish, qabziyat (ich qotishi) va boshqalar sabab bo‘lishi mumkin.
Xastalikning yaqqol belgilaridan biri peshob kelganda, og‘riq sezilib, achishish paydo bo‘ladi. Kasallikning o‘tkir davrida to‘la va to‘g‘ri davolanilsa, bemor sog‘ayib ketadi. Aks holda, surunkali tus olishi mumkin. Xastalikning og‘ir-yengil o‘tishidan qat’i nazar, bemor yotib davolanishi shart. Shifokor-mutaxassis tavsiyasi bo‘yicha bemorga ko‘p suyuqlik: sut, choy, iliq chuli(kompot) va boshqalar ichiriladi. Shu bilan birga, xastalik aniq tashxisiga ko‘ra, shifokor kerakli dori vositalarini tayinlaydi. Mabodo bemor dori vositalarini ichishni ep ko‘rmasa, u holda tabiiy giyohlardan foydalanish mumkin. Bu kasallikning boshlang‘ich davrida yaxshi naf keltiradi. Xususan:
Peshob yo‘li yallig‘lanishi va buyrak kasalliklarida o‘simlik qaynatmasi yoki damlamasi ijobiy samara beradi. A’zoi tanada suyuqlik to‘planib, foyda qiladi.
Peshob xaltasi kasalliklarida yallig‘lanishga qarshi ijobiy ta’sir ko‘rsatib , noxush og‘riqlarni daf etadi.
Buning uchun 1 osh qoshiq pol-pola o‘ti ustiga 200 ml qaynoq suv quyiladi va past olovda 3-4 daqiqa qaynatiladi. Co‘ng suzib olinadi va qaynatmadan iliq holida taomdan yarim soat oldin kuniga yarim piyoladan ichib turiladi. Davolash 10 kundan to 30 kungacha olib boriladi.
Shu bilan birga, zirk butasi ildizi shifo ato etadi. Uning qovuq yallig‘lanishiga qarshi, ildizi va po‘stlog‘ida isitma tushiruvchi, tinchlantiruvchi va mikroblarga qarshilik ko‘rsatish xususiyati bor.
Ayollar xastaliklarida malham bo‘la oladi.
Zirk ildizi asosidagi qaynatma quyidagicha tayyorlanadi: 20 g quritilgan va maydalangan zirk ildizi olinadi-da, ustidan 400 ml qaynoq suv quyiladi. So‘ng 10 daqiqa mobaynida qaynatilib, sovitiladi va doka orqali suzib olinadi. Yallig‘lanishga qarshi taomdan oldin 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichib turiladi.
Bundan tashqari, qovuq yallig‘lansa, mayizdan tayyorlangan damlama shifo bag‘ishlaydi. Damlama tayyorlash uchun qaynoq suvga bir hovuch mayiz solinib, idish sochiq bilan o‘raladi va 10 daqiqa mobaynida dam beriladi. Ushbu damlama taomdan oldin 100 ml.dan kuniga 2 mahal ichiladi. Shu bilan birga, moychechak (romashka) gullarining 1:10 nisbatdagi damlamasi ham yaxshi naf keltiradi.